Tana-to‘shi qotmadan kelgan, bo‘y-basti, qad-qomati mirzaterakday tik; chollikdan-dollikdan, behollikdan so‘z ochsangiz, hali-beri qariyalikni bo‘yniga oladigan ahmoq yo‘q, deya ilmoqli savolingizni o‘zingizga chalpak qilib yopishtirib qo‘yadigan chapaniroq, ayni choqda tanti, yuzlari hamon Baxmalning “besh yulduz” olmasiday tiniq To‘lanboy otaning yoshi yetmishga tutashib qolganiga qaramay, sovitilgan otday! Kunba-kun yasharib borayotganiga ayrim uzangi-yo‘ldoshlari havas qilsa, boshqalari hasad qilib qo‘yarlar. Emaklagan bolaning etagidan tortadigan dushmani bo‘ladi. Otaning ko‘z ochib ko‘rgan jufti haloli bundan besh-olti yil burun “bevafo”lik qildi. Otani yolg‘izlatib, yorti qoldirib ketdi. Ota yolg‘iz yotib, yolg‘iz turib yurdi. Borsa kelmas “mamlakat”ga bevaqt ketgan yostikdoshining qadri bilindi. O‘zingga o‘zing qnlding, yotasan yolg‘izgina… Baxayr, otaning bo‘yinsalari — tobutkash tengqurlari bilan o‘g‘il-qizlarining gaplari bir yerdan chiqib, unga munosib “yor” izlashga kirishdilar. Dastlab ota ko‘nmadi. “O‘g‘il-qizlar, kelinlar oldida kulgi bo‘lamanmi?!” dedi. Bolalikdan bir ko‘chada tepishib katta bo‘lgan jo‘ralari “Yolg‘izlik Bir o‘ziga yarashgan, bandasiga esa bir bosh — balo bosh, ikki bosh — qozon osh. Sening yoshingdagi kishiga tani mahram judayam kerak”, deb ko‘ndirgan bo‘ldilar. Endi To‘lanboy otaning yoshiga, didiga mos keladigan, atrofida parvona misoli chirillab aylanib turadigan, o‘g‘il-qizlariga, hovli to‘la kelin-kepchik, bola-baqralarga bosh bo‘ladigan toza tabiatligina, fahm-farosatligina, qo‘y ko‘rmasa ham, qumaloq ko‘rgan, nasl-nasabi duragaylashmagan ayol topish lozim bo‘ladi. Biroq, shunday nozikta’b ayolni tayyorlab qo‘yibdilarmi? Izlashga tushdilar. Izladilar. Topilishga topildi-yu, lekin birining ham bo‘yi past, ham o‘yi. Birining esa sochi tovoniga tushadi-yu, aqli sal anaqaroq. Boshqasi har jihatdan mos tushadi-yu, avlod-ajdodi surishtirilsa, lop etib chatoq joyi chiqib qoladi. Biri — bozor ko‘rgan echki. Biri eshik ko‘rgan bo‘ladi-yu, beshik ko‘rmagan. Yana biri esa o‘zini bozorg‘a solg‘on… Yorug‘ dunyo ham ko‘ziga yomon ko‘rinib yurgan kunlarining birida ota tengqurlari qatori juma namoziga yo‘l oldi. Namoz boshlanguncha savdo rastalarini kezdi. Yoymabozorni ko‘zdan kechirgan bo‘ldi. Nabiralariga xo‘rozqand, “to‘pim, to‘p-to‘p etasan, ursam qochib ketasan” kabi har xil o‘yinchoqlar xarid qildi. Sabzavot sotiladigan rastalarni ham oraladi. Yoshi qirqlardan oshgan, qalingina qoshlari bir-biriga tutashgan, gapga solsangiz ham, yuz-ko‘zlariga baqa misoli baqrayib tikilsangiz ham basharangizga qaramaydigan, istarasi issiqqina bir ayol kartoshka, sabzi-piyoz sotib o‘tirgan ekan. Otaning yuragi bir qo‘zg‘ala tushdi. Andak dovdiraganday bo‘ldi. O‘pkasini sal-pal bosib olgach: — Mol egasiga o‘xshamasa, harom o‘ladi. To‘g‘rima, qizim? — dedi. Ayoldan sado chiqmagach, piyoladek kartoshkani qo‘liga olib salmoqlab ko‘rdi. So‘ng kartoshkani kaftlari orasida uqalagan ko‘yi davom etdi: — Molingiz yaxshi molg‘a o‘xshaydi, qizim. Yerlaringiz qumaloqma, diyman-da. Kartishkangiz aytib turibdi. — Kartoshkani joyiga qo‘yib, sumakdek sabzini qo‘liga oldi. — Bunday sabziga hech ko‘zim tushmagan ekan. Jaltillaydi-ya! Kiroyi sabzing bo‘lsa, shunday bo‘lsa-da! Yerda gap ko‘p-da. Biraq, ishlovgayam qaraydi, qizim. — Sabzini ham joyiga qo‘yib, kaftlarini bir-biriga ishqalab changini qoqdi. — Hazirgi erkaklar, qizim, hazirgi erkakman deganlar, qizim, sizday kelinchakdi bozorga jubarib qo‘yib, o‘zi… “Layloning tomiga chiqsam, g‘ozlari g‘avg‘o qilur, Erlari uyda turib, xotuni savdo qilur” deganga o‘xshab, a, qizim… Nima, kuyov …mi, qizim? Xo‘sh, bu yog‘i qanchadan bo‘ldi, qizim? Ayol hadeganda javob beravermadi. So‘ng yana gapga soldi; kitobiy tilda ham gapirib ko‘rdi, Ergash Jumanbulbul o‘g‘li bilan otasi rahmatli bordi-keldi qilganini ham qistirib o‘tdi; goh “jo‘q”ladi, goh “yo‘q”ladi… Chamasi, bu shilqim xaridorning diydiyolari joniga tegdi shekilli, nihoyat, ayol tilga kirdi: — Ota, sizga o‘zi nima kerak? To‘lanboy ota birato‘la shoshib qoldi. O‘zingiz kerak deyishga tili bormadi. Axir, yoshi bir joyga borib qolgan chol, hovli to‘la kelin-kepchik, nevara-chevarasi bor — eshitgan quloqqa yaxshi emas. Boz ustiga, sinalmagan otning sirtidan o‘tma, degan gap ham bejiz aytilmagan. Jilovni tortish kerak. Yana ezmalik qilsa, yuzdan parda ko‘tarilishi mumkin. Xullas, ayoldan jo‘yali javob ololmagach (jo‘yali javob deganda ota nimani nazarda tutganini yolg‘iz o‘zi bilardi), kerak bo‘lsa-bo‘lmasa, uch-to‘rt kilo sabzi-piyozni aytilgan narxda xarid qilib, nosrang qog‘oz xaltachaga solingan bozorliqni chorrahada tilanchilik qilib o‘tirgan kampirga hadya etib, undan uzundan-uzoq duoi fotiha olgach, namozi jumaga kirib ketdi. Masjidda zamonamizning dolzarb masalasi — diniy aqidaparastlik va terrorchilikka qarshi kurash masalasiga bag‘ishlangan “amri ma’ruf”ni eshitib, xiyla dovdirab, el qatori sajdaga bosh qo‘yib, so‘ng o‘zicha xomaki reja tuzib uyiga qaytdi. O‘zi uyga qaytdi-yu, yuragi qaytmadi — o‘sha ayolning yon-berisida qoldi. Ota birvarakayiga namozi jumani kanda qilmay qo‘ydi. Har gal nimanidir bahona qilib jamoatga qo‘shilmasdi. Ba’zan “Baribir mendan imom chiqmaydi” deb so‘qqaboshligiga ishora etib qo‘yishni ham unutmasdi. Rostini aytganda, ota o‘sha ayolning yuragiga ham bir chimdim cho‘g‘ sola kelgan edi. Tajribali-da, gaplarining ham salmog‘i bor, suyuq emas, ma’nili. Yurish-turishidan, o‘zini tutishidan min topib bo‘lmaydi. Navbatdagi namozi jumaga sal boshqacharoq bo‘lib bordi. Soqol-mo‘ylovini qirib-qirtishladi, sip-silliq bo‘ldi. Onangni otangga bepardoz ko‘rsatma degan gapning teskarisini qildi. Ulfatlari, ha, dedi, to‘daga tushadigan otday bo‘lib olibsan-ku? Ota, ha, nima bo‘pti, deb o‘zini go‘llikka soldi. Bu gal juma namoziga ertaroq bordi. Ishonarli bahona topib, yo‘l-yo‘lakay ulfatlaridan ajraldi. O‘zini sabzavot bozoriga urdi. Biroq, o‘sha ayolning qorasi ko‘rinmadi. Yoyma, chayqov, meva-cheva, qandolatchilik, oqlik, kiyim-kechak rastalarini birma-bir kezib chiqdi. Timni ham erinmasdan ko‘zdan kechirdi. U ko‘zga chalinmadi. Axiyri shu atrofdagi xotinlardan so‘radi. “Bir haftadan beri kelmay qo‘ydi” degan javobni eshitdi. Otaning mazasi qochdi. Nima qilishini bilmay boshi qotdi. Shalvirabgina masjidga kirdi, lekin bu galgi “amri ma’ruf” nechog‘liq dolzarb masalaga bag‘ishlanmasin, qulog‘iga xech narsa kirmadi. Nihoyat, ovi baroridan kelmagan ovchiday bo‘lib uyga qaytdi. Navbatdagi juma kelishini ko‘zlari to‘rt bo‘lib kutdi. Guzarga chiqib hamqishloqlarining xo‘roz urishtirishini, shiyponda oshiq tashlayotgan havaskor qimorbozlarning janjallarini tomosha qilib qaytadi. To‘ng‘ich o‘g‘li Toshkentdai keltirgan kitoblarning u yer-bu yeridan cho‘qilab o‘qigan bo‘ladi. Shu o‘g‘lining ajab odati bor: Toshkentga yo‘li tushsa, albatta otasiga bir dasta kitob ko‘tarib keladi — go‘yo ko‘zi uchib turganday, o‘qishi lozimday. O‘zi o‘la qolsa ham o‘qimaydi, kitobni qo‘lga olsa uyqusi keladi. To‘g‘ri, ba’zan otaga ma’qul keladigan kitoblardan ham ola keladi. Masalan, o‘tgan yili asli Baxmaldan bo‘lgan To‘ra Sulaymonning “Sayhon” kitobini keltirdi. Ota uni qayta-qayta mutolaa qildi va “To‘raboy ham bizga o‘xshagan kuygan qullardan ekan, — degan xulosaga keldi. Ne’mat, esingda bo‘lsin, shu To‘ra buvangdi bir kuni qo‘y so‘yib chaqiramiz” deb niyat qildi. O‘g‘li rozi bo‘ldi. Oradan uch-to‘rt kun o‘tib ota niyatidan qaytdi, “U shoir bo‘lsa, bizning ahvolimizni ko‘rib ustimizdan kulib ketmasin” deb andisha qildi… Kunlarning kechishi qiyin bo‘ldi. Oradan oy o‘tganday, yil o‘tganday tuyuldi. Nihoyat, juma ham keldi, yana juma namoziga otlandi. Ajabki, yana o‘sha hol takrorlandi. O‘sha ayolni ko‘rdim degan odamni uchratmadi. Hafsalasi pir bo‘lib, negadir mardikor bozoriga yo‘l oldi. Na yurar, na o‘tirar joyining tayini bor — bir tomonda erkaklar, bir yonda ayollar to‘p-to‘p bo‘lib turishibdi. Yosh kelinchakdan tortib yoshi bir joyga borib qolgan xotinlargacha uchraydi. Birlari uyat-puyatni ham yig‘ishtirib qo‘yib, “xaridor” bo‘lib borgan kishiga ko‘ndalang bo‘ladi: “Meni oling, meni opketing, xursand qilaman…” Boshqalari xuddi ayb ish qilib ko‘ygandek qisinib-qimtinib o‘zlarini chetroqqa tortadi, yer chizib turadi. Ust-boshlari yupun, lablari yorilib, yuzlari to‘rlab ketgan… Anavilari esa mardikor bozoriga kelganini ham unutgan ko‘rinadi, topgan-tutganini ustiga ilib, yana-tag‘in, noz-karashma qilishiga o‘lasanmi! Ota bir chekkadan mardikor xotinlarni ko‘zdan kechira boshladiyu noxos o‘sha ayolni ko‘rib yuragi hapriqib ketdi. Ayol otaning bozor oralab yurganini olisdan ko‘rgan shekilli, o‘zini panaga oldi. Ota ham noqulay ahvolga tushdi. Shu ayolning o‘rnida tug‘ishgan, tutingan bir zaifa qarindoshini ko‘rganday bo‘ldi. O‘zini xo‘rlanganday, or-nomusi toptalganday his etdi. Yaqinroq bordi. Xuddi ta’ziyaga kelgan odamdek, “Yaxshimisiz, qizim”, dedi. Ota “bandalik” degan ohangda gapirdi. Ayol ham buni sezdi. “Shukr”, dedi pichirlab. — Men o‘tgan haptayam, bugunam sizdi rosa izladim. Mana, nihoyat, topdim, — dedi ota. — Ha endi… — dedi ayol yerga qarab. Ota yana nima deb gapni davom ettirishni bilmasdi. Ayol esa bu yerda turganidan xijolat bo‘lmoqda edi. Nihoyat, ota tilga kirdi: — O‘g‘rilik ayb, qizim. G‘arlik ayb, qizim. Lekin tirikchilikding aybi jo‘q. Yuring, men sizni olib ketay. Uyimiz uzoq emas. Kechqurun o‘g‘illar olib kelib qo‘yib ketishadi. — Rahmat, aka… Bugun shu atrofdan biron hojatmand chiqib qolar. Uydagilarga ertaroq kelaman, deb edim. Ayol ilgari unga “ota” deb murojaat qilgan edi, bu gal “aka” dedi. Shu birgina so‘z bilan o‘zini otaga, otani o‘ziga yaqin tutayotganini bildirdi. Ota buni sezdi. Sezdiyu ayolga bo‘lgan hurmati yanada ortdi. — Uylaringiz qayerda, singlim? — Endi u ham “singlim”ga o‘tdi. — Kimlaringiz bor? Kuyovingiz… Ayol birdan javob berdi: — Uyimiz shaharning shundoq biqinida — Ulug‘bek qishlog‘ida. Eski Jdanov kalxozi. Xo‘jayinimni so‘radingiz, u kishi dardmand. Ishga yaramaydi. Endi… Ayol yer suzdi. Ota gapni boshqa tarafga burdi: — Singlim, juma namoziga kirib chiqqunimcha kutib tura olasizma? — Xaridor kelib qolsa netaman? — Bir kishiga va’da berib qo‘yib edim, deysiz-da. — Voy, yolg‘on gapiramanma? Ota nima deyishni bilmadi. Bilganda ham bu ayolni dabdurustdan uyiga nima deb ergashtirib boradi? Axir, uyidan mardikor ayol izlab chiqqan emas, mardikorga ehtiyoj ham yo‘q. — Bo‘lmasam, juma namozidan chiqib tuvri shu yerga kelaman. Agar biror kishi olib ketmasa, bafurja gaplashamiz, — deb tayinladi ota. — Xo‘p, — dedi ayol. Namozdan so‘ng ulfatlari otani “jiz-biz”ga taklif qilsalar-da, zarur ishi borligini bahona qilib mardikor bozoriga yo‘l oldi. Kelsa — “singil” yo‘q. Birpas kutdi. Keyin pista chaqib o‘tirgan ayollardan uni so‘radi. “Bir kishi olib ketdi”, deb javob berishdi. Kimdir o‘zini taklif qildi, otaning yo‘liga ko‘ndalang bo‘ldi. — Unga shirinkoma berib qo‘ygan edim, — deya bahona qildi ota va ichida “Xudoning o‘zi kechirsin” deb qo‘ydi. Endi uyga qaytishdan boshqa iloji yo‘q edi. O‘sha kecha tun bo‘yi ichikib chiqdi. Xuddi o‘z xotini yoki o‘zining tug‘ishgan singlisi mardikor bozoriga chiqqanu uni bir boyvachcha uyiga olib ketgandek tuyulaverdi. Uyiga olib borgach, tegajoqlik qilib, hol-joniga qo‘ymasdan… “Astag‘furilloh” deb ikki yelkasiga tufladi. Ayol ko‘hlikkina, hali ohori to‘kilmagan kiyimday bejirim, to‘kis edi. Yuz-ko‘zlaridan iboli, hayoli ekani, ko‘cha xotini emasligi shundoqqina bilinib turardi. Tong otishi bilan apil-tapil nonushta qilib, zarur ishi borday jadal shaharga otlandi. To‘ng‘ich o‘g‘li Ne’mat “Ota, o‘zim moshinda eltib qo‘yaman”, dedi. “Xo‘p”, dedi. O‘g‘li yap-yangi “Neksiya”da otani aytgan joyiga eltib qo‘ydi. “Kutib turaymi?” deb so‘radi. “Yo‘q, ketaver…” “Singil” yana ko‘rinmadi. Mardikor bozorni bir aylandi, ikki aylandi — yo‘q. Peshin namozini masjidda o‘qidi. Namozdan so‘ng masjid hovlisidagi so‘riga yonboshlab olib “pirra” o‘ynayotgan chollarga ko‘zi tushib ajablandi. — Bu qimor emas, shunchaki o‘yin, — deb izoh berdi chollardan biri. — Agar qo‘shilmoqchi bo‘lsangiz, bitta sherik topib keling. Yutqazganlar chiqib ketadi, o‘rniga kirasizlar. Lekin mag‘lublar g‘oliblarga ikkitadan jigarkabob olib beradi, — dedi simobi sallasini yoniga yechib qo‘ygan cho‘qqisoqol chol. — Davleniyam bor, jigarkabob yemayman, — deb ota tashqariga yo‘naldi. Bu kun ham noumid bo‘lib qaytdi. “Singlisi”ni izlab Ulug‘bekka boray desa, jo‘yali bir bahona yo‘q. Nima deb boradi? Betini qattiq qilib borgan taqdirda ham uyidagilar nima deb o‘ylaydi, nima deb so‘ylaydi?.. Tun bo‘yi yana behuzur bo‘ldi. Bomdodgacha ikki rakaat nafl namozini o‘qidi. Bomdoddan so‘ng birdan dili yorishib ketdi: axir, Ulug‘bek qishlog‘ida eski tanishi — Toshpo‘lat o‘tog‘asi yashaydi-ku! Avvalroq esiga tushmaganini qarang-a! Ota Ulug‘bekka yo‘l oldi. Xayriyat, o‘tog‘asi uyda ekan. Ko‘ngli joyiga tushdi. Boshida bog‘dan-tog‘dan, zangdan-zamondan safsata sotib, gapni aylantirib kelib “singil”dan so‘z ochdi. Shundan keyin gap gapga ulana tushdi. Shariatda sharm yo‘q deganlariday, ota boshidan o‘tgan sarguzashtlarni bir-bir dasturxon qildi. Albatta, ora-orada bu besh kunlik dunyoning hech kimga vafo qilmasligini ham qistirib turdi. — Ozarboyjonlarda bundan yuz yillar chamasi muqaddam Aliakbar Sobir degan bir shoiri zamon o‘tgan, — dedi u. — Xo‘sh-xo‘sh? — deb Toshpo‘lat o‘tog‘a yostiqni qo‘ltig‘iga tortib yonboshlab oldi. O‘sha shoir “Bu dunyoning baqosiga la’nat, ro‘zg‘orining vafosiga la’nat” degan ekan. — Obbo zang‘ar-ey, boplagan ekan-ku! — Endi, o‘zingizdan qolar gap yo‘q, to‘rimizdan go‘rimiz yaqin… Kampirning qaytish qilganini Toshpo‘lat o‘tog‘a yaxshi bilardi, ta’ziyada ham qatnashgan. U yana bir bora otaga taskin berib, so‘ng boya ta’riflangan “singil”dan gap boshladi: — Aslida, xudo yaxshini bir joyidan kam qiladi deganlari rost ekan. U qishloqding oldi qizlaridan bo‘lg‘an. Lekin birinchi turmushidan parzand ko‘rmaydi. Aybdi Marjong‘a to‘nkaydilar. O‘n jilcha ro‘zg‘or qilib, ajrashadilar. So‘ng qishlog‘imizdagi uch bolali, ayoli o‘lgan kishig‘a tegdi — Esirgapdan ham bola ko‘rmadi. Uch bolani katta qildi. O‘z bolasiday papalab, oq yuvib, oq taradi. Ikki qizini uzatdi, o‘g‘lini uylantirdi. O‘g‘il bebaror chiqdi. Na ishining tayini bor, na ro‘zg‘or tutishining. Ichkuyov bo‘lib Yangiyo‘lda yashaydi. Bu yoqda Esirgapding kuni Marjong‘a qolg‘an, o‘zi qip-qizil alkash. Uchovoraga qo‘shilmaydi. Ro‘zg‘ordi amal-taqal qilib Marjon tebratib turibdi… Bu gaplarni eshitgan ota o‘tog‘asiga emas, xuddi Xizrga yo‘liqqanday bo‘ldi. Lekin hozircha sir bermadi, xayr-xo‘shlashib uyiga qaytdi. “Singil”ning ismi Marjon ekanini bilib qaytdi. Ertasi kuni yana mardikor bozoriga bordi. Ajabki, izlagan odami bir chetda turgan ekan. — Marjon, qalay, yaxshimisan, tinchmisan? — Xudoga shukr. O‘zingiz qalaysiz, aka? Marjon hayron edi: “akasi” ismini qaydan bilib oldi ekan? U “akasi” allaqachon kalavaning uchini topganidan bexabar edi. Avval “qizim” edi, keyin “singlim”ga o‘tdi, endi bemalol ismini aytyapti, sensirayapti. Nima bo‘lganda ham “aka” bilan “singil” o‘rtasidagi masofa tobora yaqinlashmoqda edi. — Jur, bir xoliroq joyda gaplashayik, — dedi ota. Marjon indamasdan unga ergashdi. Xoliroq joyga — Guliston shahri bilan “Obod mahalla”ni bog‘lab turuvchi temir yo‘l ustidagi osma ko‘prikning tagiga borib o‘tirdilar. Gaplashdilar. — Marjon, gapding ochig‘ini aytsam, uch haptadan beri seni izlayman. — Aka, endi nimamni izlaysiz? Mening izlagiligim qolmag‘an. Menga it tegib bo‘lg‘an. It tumshug‘i tekkan yerga suv ichg‘ali sher kelmas. — Bu nima deganing? Nima, meni sherga mengzayapsanma? — Shu deganim. — Tushuntirib so‘yla. — Ko‘rib turganingizday, tirikchilik — toshdan qattiq ekan. Avval uchratganingizda sabzi-piyoz sotib turib edim, olibsotarchilik qilib yurib edim. Lekin bozor deganingiz ochiq mozordanam yomon ekan: pattachidan boshlab mirshabgacha, mirshabdan do‘xtirgacha “ber-ber” ekan. Kerak bo‘lsa, har bir qarich joy sotiladi. Chayqovchilik qilib topgan pulim choychaqa tugul, kira moshinaning xarajatiniyam qoplamay qo‘ydi. — Kartishka, sabzi-piyoz o‘z tomorqangdan emasmidi? — Jo‘q, tomorqani bir o‘zim eplolmadim. — Ering-chi? Marjon bir oz dovdiradi. — Erimma, erim… U kishiga ham oson emas. Jamoa xo‘jaligida ishlab topgani qora qozonni qora bostirdi. Uch-to‘rt oylab haq bermaydi, berganlariyam… Berganing bir kulcha, … tong otguncha deganday. Oxir-oqibat zo‘r berib ichishga o‘tib oldilar. Kunni tunga, tunni kunga ulab juboradi, “zapoy” qiladi. Ota Toshpo‘lat o‘tog‘asidan hamma gapni bilib olgan bo‘lsa ham, o‘zini bilmaslikka solib gapirdi: — Bolalaring-chi, ular dastyor bo‘lib qolishgandir, axir?! — Biz xudo urib, payg‘ambar hassasi bilan turtganlardan, tovoni qon ko‘rmagan bebaxtlardanmiz. U yog‘ini aytaversam… Mayli, aka, qo‘ying endi. Men tirikchilikdan qolmay, uyga quruq qo‘l bilan borolmayman. Menga qarab o‘tirishibdi. Ota ham o‘zini shoshib turgandek ko‘rsatib, gapning indallosiga ko‘chdi: — Marjon, seni bunchalik tutib turishim ko‘rar ko‘zgayam yaxshi emas. Endi sen mendan “jo‘l bo‘lsin?» deb so‘rasang… Amakilarimizdan birining oilasi sing‘an. Men shunga “shahar ko‘rmagan” ayol izlab juribman. Yoshi yetmishni qoralab qolg‘an, lekin beli baquvvat chollardan. Unib-o‘sgan qullardan. Qariyb bir jildan beri munosibrog‘ini so‘roqlaymiz. Biri yosh bo‘lsa, biri beboshroq. Biri chinakam sanam bo‘lsa, biri satangroq. Biri beva bo‘lsayam, nevara-chevarali. Endi sen ham ko‘z-quloq bo‘lib jursang. Xudodan sal-pal xabari bor, o‘zimizg‘a o‘xshag‘an jaydari, boshi bo‘sh ayollardan bo‘lsa, xayrli ishga qo‘l urg‘an bo‘larding. Albatta, Marjon “akasi” kimni nazarda tutayotganini xayoliga ham keltirmasdi. — Bizding qishloqda siz aytg‘anday ayol bor, lekin uni so‘rab kelmag‘an, odam qo‘ymag‘an kishining o‘zi qolmadi. Uning qat’iy javobi shu: “Men chin dunyoga ketgan erimding arvohini chirqillatib qo‘yolmayman. Qir to‘la qo‘yi, sayhon to‘la samani bo‘lsayam jo‘lidan qolmasin. Tumanbegi bo‘lsayam bu uyga qayta qadam bosmasin”. Shundan so‘ng sovchilarding qadami tindi… Ota “singil”ning gaplarini eshitib, o‘zining aytar o‘laniga o‘tdi: — Kun peshin bo‘lib qoldi. Seniyam ishdan qo‘ydim. Bugungi uvol-savobing mening bo‘ynimda. Sen mana buni ol-da, mayda-chuyda qilib uyingga bor, — deb bir tutam pul uzatdi. — Mening senga og‘alik maslahatim — nima ish qilsang qil, lekin mardikor bozoriga bugundan boshlab kelishni bas qil! Ota o‘zicha himmat ko‘rsatib Marjonning bitmas yarasiga go‘yo tuz sepdi. Ayol unsiz yig‘lashga tushdi, xo‘rligi keldi. Harchand iltimos kilsa-da, “akasi” uzatgan pulni olmadi. Ota ham bo‘sh kelmadi: — Mayli, qarz deb bil. Qo‘lingga qush o‘tirgan kuni qaytararsan. Ol, baraka topkur, ol! Marjon nihoyatda o‘sal bo‘ldi. — Mayli, mendan qaytmasa Xudodan qaytsin, — deb pulni oldi. — Endi haligi, mardikor bozoriga qayta kelako‘rma, degan gapingizg‘a javob bersam. Bu jo‘l bilan pul topishding masxara ekanini o‘zimam bilaman. Boshimdanam o‘tdi. Ayol zoti mardikorlikding ketidan kun ko‘rg‘andan ko‘ra, … qilib tirikchilik o‘tkazg‘ani ma’qul ekan. Mardikor ayol — puldording quli. Aytg‘anini qiladi, sarmoyador o‘z bilg‘anidan qolmaydi. Bir kuni shu yerda turib edim. Bitta aktipbashara, yoshi qaytg‘an kishi kelib, singlim, bizding bir kunlik ishimiz bor, dedi. Mayli, dedim. Moshinasiga mindirib olib ketdi. “Dom”da yashar ekan. Uyiga kirdik. Qo‘lidan tortib gardanig‘acha tilla taqinchoq taqqan juvon kutib oldi. Keyin shohona dasturxonni ko‘rsatib, o‘tiring, dedi. Men bu yerga mehmondorchilikka kelmag‘anman, ishlag‘ani kelg‘anman, qilar ishimdi ko‘rsating, dedim. Avval tamaddi qilib oling, keyin ko‘rsatamiz, ish bo‘lsa qochmaydi, dedi. U desam — bu dedi, bu desam — u dedi. Ko‘rpachag‘a o‘tirishim bilan boyag‘i ayol eshikdi yopib tashqarig‘a chiqib ketdi. Anavi kishi yonimg‘a kelib o‘tirib, “oling-oling” deb mulozamat qila boshladi. Men xuddi qapasga qamalib qolg‘an qushg‘a o‘xshardim. Chinni kosadagi sho‘rvadan bir-ikki qoshiq ichganday bo‘ldim. Birdan og‘zim qurib, tomog‘im qaqrab ketdi. Endi muzday narsa ichgim kelardi, xolos. Bora-bora boshim aylanib, ko‘zim tinib, hushimdi yo‘qotdim, shekilli. U yog‘ini bilmayman. Bir vaqt ko‘zimdi ochsam, a’zoyi badanim o‘zimniki emas… Axiyri ayol kirib keldi. Qalay, yaxshi dam oldingizma, dedi. Ha, dedim. Rosa yaxshi dam oldik, dedim. Yaxshi kasbingiz bor ekan, dedim. Mening kasbim sizding kasbingiz oldida … dedi. Endi shart turib ketishdan boshqa ishim qolmag‘an edi. Yonimg‘a bir dasta pul solib qo‘ydilar. Puldi haligi ayolding basharasiga qaratib otdim. Tanpurushlikning ketidan kun ko‘rishga o‘rgatg‘aning uchun, ochib qo‘yg‘an maktabing uchun senga rahmat, dedim. Bir kuni alohida kelib qo‘l berib, qo‘lingdi olib ketaman, dedim. Ayol hiringladi. Anavi bezbet ham hiring-hiring qildi. Chikdim-da ketdim. Itg‘a talang‘an daydiga o‘xshab ketdim… Siz esa meni odam deb gaplashib o‘tiribsiz! Buning ustig‘a, odamgarchilik qilyapsiz. Ota Marjonning dardi ichida ekanini bilardi, lekin bunchalik alamzada ekanini aslo o‘ylamagan edi. Ko‘ngli toza, soddadil ayol… Bunday ayolni birinchi marta ko‘rayotgan edi. Ota ayollarning ham o‘ziga yarasha dunyosi borligini, dunyo bo‘lganda ham sirli-sinoatli ekanini ilk bora kashf etayotgan edi… Ilgari Kolumb Amerikani kashf etganda nihoyatda quvongan bo‘lsa kerak, do‘ppisini osmonga otib irg‘ishlagan bo‘lsa kerak, deb o‘ylardi. Yo‘q, quvonmagan bo‘lsa kerak, aksincha, hayratlangan, yangi dunyo qarshisida lol bo‘lib qolgan… Ota ham lol qotdi, chunki bunday “gulzor”ga ilk bora oralayotgan edi. Aslida, ko‘z ochib ko‘rgan xotini bilan ham bunchalik ochilib-sochilib sirlashmagan edi. Bir eshikdan kirib, bir eshikdan chiqib yuravergan ekan. Umrida birorta begona ayol bilan ko‘z urishtirmagan, “ishqirig‘i”ni nojo‘ya yechmagan edi. Ko‘p narsalarni bilmas ekan. Vaqt ham namozidigarga og‘ib bormoqda. Xayr-xo‘shlashishning fursati yetdi. * * * Marjon birinchi eri bilan o‘n yildan ortiq yashab orttirgan davlati “tug‘mas xotin — bedov” degan nom bo‘ldi. Bormagan yeri, bosh urmagan qadamjosi, uchramagan do‘xtiri, yo‘liqmagan tabib-taskani, ko‘rmagan qissachisi, etagini o‘pmagan azayimxoni qolmadi. Foydasi bo‘lmadi. “Bedov”ligicha qolaverdi. Eri esa bitta bolali xotinga uylandi. Bu xotin ham tug‘madi. Shundan so‘ng Marjon el orasida oqlanganday edi: — Tuvmas xotinding siynasi bilan bo‘ksasi tep-tekis bo‘ladi. — Marjonding siynasi bilan bo‘ksasi esa… Ayb erida. Mana, ko‘rasiz! — Ikkinchi eridan ham bola bo‘lmadi-g‘u? — Qiziqmisiz, muttasil ichib jurgan odamding pushtini araq kuydirib juboradi. Bola bo‘lg‘an taqdirdayam butun bo‘lmaydi: yo shol, yo garang bo‘ladi. — Shu gapingizda jon bor. * * * Xullas, endi To‘lanboy otaga ishning nima bilan boshlanib, nima bilan yakunlanishi belgili bo‘lib qolgan edi. Faqat oshig‘ining olchi yo tavka tushishi; yo chikka, yo pukka bo‘lishi Toshpo‘lat o‘tog‘asiga bog‘liq. Axir, bekorga aytmaydilar, har yerning tulkisini o‘sha yerning tozisi ovlaydi, deb. Ota xonani ichidan berkitib olib radioning qulog‘ini buradi. Mashhur xonanda ashula aytar edi: “Bir qarashda misning ham tilloga o‘xshash rangi bor, Misning bahosi boshqa-yu, tilloning o‘zga narxi bor…” Sirtdan qaralsa, hamma xotin — bir xotin. Biroq ayollar dunyosining ichiga kirib, ko‘ngillarini taftish qilsangiz bormi! Ayol zotining ayoldan farqi, eh-ha… Hofiz aytganiday, biri tillo bo‘lsa, biri mis. Birlari ohu bo‘lsa, birlari og‘u. Biri jahannam bo‘lsa, biri jannat… Ota yursa ham, tursa ham ko‘ngliga, ko‘kayiga bir yorug‘lik kirib kelayotgandek bo‘laverardi. Bir kecha tush ko‘rdi: go‘yo xonadonining chirog‘i porillab yonib turgan emish. O‘shandan beri otaning suyagi yengil, ko‘ngli ravshan. U Toshpo‘lat o‘tog‘asinikiga ustma-ust boraverishni ep ko‘rmay, to‘ng‘ich o‘g‘lini Ulug‘bekka jo‘natdi: “Otam bir kelib ketsin deyapti, degin, o‘g‘lim. Jotib ketadigan bo‘lib borar ekansiz, boboyning mazasi qochibroq turibdi…” Otaning oilasi singandan buyon bordi-keldilari siyraklashib qolgani sababli o‘tog‘a shitob kiyinib, bo‘yinsasining to‘ng‘ichi bilan yo‘lga otlandi. Ikki qadrdon tun bo‘yi dardlashdi. Ota jo‘rasiga bor hasratini to‘kib soldi. O‘tog‘a ham gapni aylantirib o‘tirmasdan muddaoga o‘tdi-qo‘ydi: — To‘lan deyman, siz bilan bizding yoshimizda kishi tanmahramisiz hatto nosqovog‘iniyam qo‘yg‘an joyidan topolmaydi. O‘g‘illar harakat qilmadima? O‘zingiz-chi? — O‘g‘illardan minnatdorman, ayniqsa, to‘ng‘ichim rosa yelib-yugurdi. Lekin jo‘yaligi topilmadi. Bilasiz, hazir biz dardisar bir yoshdamiz. Nari bo‘lib narimas, beri bo‘lib berimas. O‘zimam bekor jurganim jo‘q. Ammo pichoqqa ilinadigani ro‘paro‘ kelmayapti. Endi, gapding rostini aytsam, Xudodan jashirmaganni bandasidan — sizdan jashirib nima qildim. Qishlog‘ingizdag‘i o‘sha Marjon degan ayol mening mo‘ljalimga sal tuvri kelib turibdi. Sizdi chaqirishdan maqsad ham shu. — Iya, uning eri bor-g‘u?! — Eri bor ayol mardikor bozorida jurama! Erining erligiga qoyil qolmadim. — Bu gapingizda jon bor, jo‘ra. — Avval uni sabzavot rastasida sabzi-piyoz sotib o‘tirg‘anida ko‘rdim. Oradan bir-ikki hapta o‘tib mardikor bozorida uchratdim. Gapg‘a soldim. — Ular dehqonchilik kilmasdi chog‘i… Eri mast-alast jurishdan bo‘shamaydi. Ilgari durustg‘ina jigit edi. Xotini o‘lib, uch bolaminan koldi. So‘ng Marjong‘a uylandi. — Tuvri, dehqonchilik qilishmas ekan. U kartishka-partishkani ko‘tarasiga olib, maydalab sotar ekan. Undan bir naf bo‘lmag‘ach, mardikorchilikka o‘tibdi. — Bo‘lsa bordir. Men borib bir surishtirib ko‘ray-chi. Ayol kishining mardikorchilik qilishi… Bilishimcha, ishdi pishirib qo‘yg‘an ko‘rinasiz. — Xudo shohid, unday emas. Uning pokdomon ayollig‘i shunday bilinib turibdi. Lekin eridan… — Jaxshi. Men bu ishding oxiriga jetaman. * * * Oradan haftalar o‘tdi. Bir kuni kechga yaqin to‘y-ma’rakalarda choyxonachilik qilib yuradigan bola o‘tog‘ani yo‘qlab bordi. — Toshpo‘lat bobo, darhol Esirgap akalarnikiga o‘ting ekan. Mehmon kelibdi, — deb aytib ketdi. Esirgaplar oilasidagi bu kungi to‘planuvning tabiati sho‘ro davridagi raykomning navbatdan tashqari chaqiriladigan byuro majlisiga o‘xshab ketardi. Marjon og‘alariga “bir kelib ketingizlar” degan ma’noda xat yozib yuborgan edi. Bu xabarni eshitgan ota-onasi, og‘alari Jizzaxning Qangli qishlog‘idan yetib keldilar. “Byuro”ni Marjon ochdi: — Azal kotiblari sho‘rlik manglayimg‘a o‘chmas-ko‘chmas qilib bebaxtlik tamg‘asini bosib qo‘yg‘an ekan. Bittagina tirnoqqa zor bo‘lib o‘tib boryapman. Oqibatda yomonotliq bo‘ldim. Endi bu yog‘iga sabrimam, bardoshimam tugadi. Sizlardi chaqirishimdan maqsad shu. El ustida yurgan to‘ng‘ich og‘asi singlisining muddaosini sezib turgan bo‘lsa-da, lekin o‘zini go‘llikka solib: — O‘zi nima gap, nima so‘z? Tushuntirib so‘ylasang-chi, — dedi. — Qaysi birini tushuntiray, aka? Bir tushuntirib, bir tushuntira olmay yarim umrim o‘tib bo‘ldi. Endi bu yog‘i… Shu tobda onaizor gapga aralashdi: — Senday bebaxtni tug‘may men o‘lay, qizim! Nasl-nasabimizda tuvmas xotin degan, bedov degan tavqila’nat tamg‘asini olgan ayolding o‘zi bo‘lmag‘an. Hayronman, nima uchun Xudoyim seni birgina tirnoqdan qisib qo‘ydi ekan?! Bolam, bu elda tuvmas xotin birgina senma?.. Boy desalar boyga, xon desalar xonga munosib qiz eding… Endi nima bo‘lg‘andayam jo‘li ulug‘, jo‘rig‘i buyuk kuyov gapirsin. Qani, o‘zi nima gap? Bor gapni borligicha o‘rtaga to‘kib soladigan kuyov qayda deysiz: Esirgap yelkasini qisgan ko‘yi o‘tirar, yer o‘yilib, osmon uzilib tushsa ham go‘yo parvo qilmas edi. Xuddi to‘qaydan tutib kelingan tovushqonday o‘zi bilan o‘zi ovora edi. U allaqachon savdoyi bo‘lib qolgan. Unga daryoning u beti bilan bu beti birday edi. Yerdan sado chiqsa chiqar ediki, undan sas ham, sado ham chiqmasdi. Gap yana Marjonning o‘zidan bo‘ldi: — Men bu kishig‘a ham oson tutmayman. Bu uyga kelg‘animdan beri ahvol shu. Boshda bunchalik ichmas edi, bunchalik beg‘am emas edi. Yaxshig‘ina ishlab jurardi, o‘lmas bir kunimiz o‘tib turib edi. Oyma-oy maosh olishi orqaga tortilaverdi. Bora-bora birvarakayiga to‘xtadi-ko‘ydi. So‘ng ichib kela boshladi. “Siz”lab so‘ylaydigan og‘zi “sen”ga o‘tdi. “He-e, o‘sha seni tuqqan onangdi”ga o‘tdi. Buyam yetmag‘anday, Xudoning berg‘an kuni urish-janjal… O‘shandayam g‘ing demadim, dod solib, shovqin-suron ko‘tarmadim. Nima bo‘lsa ichimg‘a jutdim. Mana, qo‘ni-qo‘shnilarim guvoh. Yon qo‘shnisi, ko‘p yillar kolxozda hosilotlik qilgan kishi Marjonning gaplarini qo‘llab-quvvatladi: — Xudoni o‘rtag‘a qo‘yib aytg‘anda, hamma gapdan xabarimiz bor. Ha, Marjondi Xudo tirnoqdan qisg‘an. Boshqa nuqsonini bilmaymiz. Bor aybi — shu ro‘zg‘ordi tebratib turishi. Bozor-o‘char qilib jurishidan ham, mardikorlik ko‘chasiga kirganidan ham boxabarmiz. Bir ayol bo‘lsa shunchalik bo‘ladi-da! Esirgap ham binoyidek jigit edi. Uyi sing‘andan keyin dovdirab qoldi. Marjong‘a uylangandan so‘ng ro‘zg‘ori izga tushib ketar deb edik… “Mardikorlik ko‘chasiga kirgan” degan gapni Marjonning og‘asi ko‘tarolmadi. Bu gap unga og‘ir botdi, singlisiga yovqarash qildi — izoh berishini so‘radi. Marjon boshidan kechirgan voqealarni bir chetdan gapirib berdi. So‘ng so‘z navbati “byuro a’zolari”dan biri — Toshpo‘lat o‘tog‘aga keldi: — Marjonning jurish-turishidan bir men emas, qishlog‘imizding yoshu qarisi minnatdor. Xudo o‘zi har jaxshini bir jeridan kam qilib yaratar ekan. Birgina otboqari yo o‘tyoqari (o‘g‘il yo qiz demoqchi) bo‘lg‘anda bormi, Marjon bu qishloqding osmonidan uchmas edi, bu yerga qo‘nib ham o‘tmas edi. Bilmadim, Esirgapga nima jin urdi ekan, keyingi uch-to‘rt jil ichida besh kishining boshi birikkan joyg‘a borolmay qoldi. Aravani teng tortolmay qoldi. Aka-ukalariyam hayron. Ular ham vaqti kelg‘anda qarab turg‘ani jo‘q. Biraq, qo‘ldan berg‘ang‘a qush to‘ymas deganday, har kim o‘zidan qolmasin ekan. O‘ng qo‘ldi chap qo‘lg‘a muhtoj qilmasin ekan. Nima bo‘lg‘andayam, bu xonadonning to‘zimi… Nima deyishniyam bilmay qoldim. “Byuro a’zolari” orasida yer yorilib, yerga kirib ketguday bo‘lib o‘tirgan Esirgapning otasi boshini xam qilgan ko‘yi tilga kirdi: — Bolam sho‘rlik boshidan bo‘sh bo‘ldi. Buni odam soniga qo‘shib jurg‘an — o‘sha oldingi kelinimiz edi. Nachora, kuni qisqa ekan. Undan so‘ng dovdirabroq qoldi. Bir biti kirib, bir biti chiqib deganday… Marjong‘a kelsak, uning kami jo‘q. Aytib qo‘yibdilar-g‘u, eru xotin — qo‘sh ho‘kiz deb. Ro‘zg‘or jukini ikkalasi teng tortmasa, yo bo‘yinturuq ishdan chiqadi, yo ho‘kiz o‘ladi. Marjon bu oilaning to‘zib-tugamasligi uchun uzini o‘tg‘ayam, cho‘qqayam urdi. Endi bu yog‘iga ko‘pchilik nima desa shu. Marjon hali-hamon asosiy gapni aytolmay o‘tirgan edi. Endi aytishning xonasi keldi: — Xudoylikdi aytg‘anda, bu uyg‘a mening qadamim yoqmag‘ang‘a o‘xshaydi. Qo‘limdan kelg‘an xizmatimdi qildim. Bu yog‘iga toqatim tugab bo‘ldi. Tuvri, amal-taqal qilib kun o‘tkazsa bo‘ladi. Ammo xo‘jayinim allaqachon meni uch taloq qilib bo‘lg‘an. Javobimni berg‘an. Endi bu uyda turishimam, tirikchiligimam harom. Bu gandi ichimg‘a jutib jurib edim. Bugun aytmasam bo‘lmaydi shekilli. Ko‘rgan yaxshi-yomon kunlarimizding hurmati, manovi kishini bir uyda yolg‘iz tashlab ketishni itlik deb bildim — deb Esirgapga ishora qildi. — Axir, it hech qachon egasini tashlab ketmaydi-g‘u. Endi, mana, sizlar guvoh, bu uyda ortiqcha turishim shariatgayam, sharmgayam tuvri kelmaydi. “Uch taloq” daragini eshitgan “byuro a’zolari” bu ro‘zg‘orning tuga bitganini ich-ichidan his etib, noqulay ahvolga tushdi. Marjon uchun xijolatli tomoni bu davrada Toshpo‘lat o‘tog‘aning o‘tirgani edi. “Byuro majlisi” poyoniga yetdi. Marjonning qarindoshlari shu oqshomdayoq bu bebaxt jigargo‘shalarining ko‘ch-ko‘ronini bir mashinaga bosib uylariga jo‘nadi. Marjon ham yig‘lay-yig‘lay mashinaga chiqdi. Oradan birmuncha vaqt o‘tib, tug‘ishganlari Esirgapni savdoyilar davolanadigan shifoxonaga joylashtirdi. Shundan so‘ng Ulug‘bekda yashaydigan yoshu keksaning tilida Esirgap oilasining baland-pasti “do‘mbira” bo‘la boshladi: — Xotin bo‘lsa, Marjonday bo‘lsa qani edi! Aqlu xushdan, buy-bastdan, muomaladan kami jo‘q edi. Insof bilan aytg‘anda, u sho‘rlik odamiga tushmadi. Endi uchdi-ketdi. — Shunday ayolni mardikor bozoriga chiqarib qo‘yg‘an odam xor bo‘lsin-a! Sadqai xotin ket-a, singilg‘ar! — O‘sha o‘ttizinchi jillarni sizlar bilmaysizlar. U jillari davlatding odamlarg‘a yordam berish u yoqda tursin, kulbasidagi qora chirog‘igacha jiyishtirib olib qo‘yg‘an edi. Endi mol-mulk o‘rtada bo‘ladi, kallektivniki bo‘ladi, deb. Hazir davlatimiz mol desang mol jer desang jer, pul desang pul buni sso‘da deyma, kiridit deyma, bilmadim berib tursa. Boy bo‘l deb tursa. Savdogarchilik qo‘lingdan kelsa, buni qil deb tursa. Tag‘in nima kerak? Shuncha imkoniyatlardan keyin ham dod degan odam, bilmadim, qanday odam! Azal-azaldan, hatto paig‘ambarimiz davridayam podsholik faqat mayib-majruhlarg‘a, kimsasiz qariyalarg‘a yordam berib kelg‘an. To‘rt muchasi sog‘ odam, marhamat qilib, aravasini tortsin. Men faqat Esirgap tuvrisida gapirajatg‘anim jo‘q. Haziram pana-panada, davralarda davlatdan noliydig‘an noshukr, bebaror kishilar tuvrisida gapirajatipman. — Gapding o‘g‘ilbolasini aytdingiz! Marjon qo‘lidan kelg‘ancha qora qozonini qaynatib turish uchun urinib-surindi. Esiz xotin, esiz odam! Hamma ishlaridan xabarim bor. Koshki edi, hamma ayollaram o‘shanday bo‘lsa. Manaman degan uyding chirog‘ini porillatib jog‘ib turadigan, quldi bek qiladig‘an ayol edi. Esiz. Birniki mingga, mingniki tumanga deb shuni aytadi. Esirgap birgina o‘zini jomonotliq qilmadi. Hammamizga isnod keltirdi, …furush! — Esirgapdan nolib bo‘larmidi! Boshdayam go‘r emas edi. Buning ustiga, kasalmand bo‘lib qoldi. U emas-bu emas, o‘rtada Marjonding baxti bog‘landi. Dod deb ketdi sho‘rlik… * * * Toshpo‘lat o‘tog‘a g‘ishtning qolipdan bunchalik yengil ko‘chishini o‘ylab ham, bo‘ylab ham ko‘rmagan edi. Endi hamma gap Marjonning tuqqan-tug‘ishganlarida, ko‘proq og‘alarida qolgan edi. U ertasi kuni kechga tomon To‘lanboy otanikiga ovi o‘ngidan kelgan ovchiday xursand bo‘lib bordi. Ikki uzangi-yo‘ldosh yonboshlab olib, yotib olib gaplashdilar. — To‘lan deyman, endi bundan bu yog‘iga seni yana sensirayman, chidasang shu, jo‘ra… Oving baroridan keladig‘ang‘a o‘xshaydi. Jizzaxding Yoyilma sayhonidagi Qangli qishlog‘ini bilasanma? — Nimaydi? — Sen mo‘ljalg‘a olg‘an qush o‘sha tomonga uchib ketdi. — Bu nima deganing? Tushuntirib gapir. O‘tog‘a bo‘lib o‘tgan voqeani bir boshdan aytib berdi. — Qangli qishlog‘ini nega bilmas ekanman? Kerak bo‘lsa, ular bilan azal-azaldan sirdosh bo‘la kelg‘anmiz, pirdosh bo‘la kelg‘anmiz. — Kelg‘an bo‘lsalaring, kelg‘andirsiz. Biraq, Marjonding ota-onasi, og‘alari senga ko‘narmikan? Endi o‘rtag‘a baobro‘y bir kishini qo‘yishga tuvri keladi. — Amaldor desang amaldoridan, oqsoqol desang oqsoqolidan topamiz. Baribir hamma ishding boshida o‘zing turasan. O‘zingni u yoq-bu yoqqa tashlama. — Bo‘pti. Gap sening qilar sarupongda. — Sarupo sendan aylansin! Sarupoyam gap ekanma, ot mindiraman, ot. Zarbof to‘n kiydiraman! — Hay, bilmadim-ov. Koshki edi gapingda tursang. Endi elda e’tiborli, anov-manov degan odam gapini qaytara olmaydi gan bir kishini topish kerak edi. Undan tashqari, To‘lanboy otaning uy ichidagilar bu gapni qabul qiladilarmi-yo‘qmi, bu eng asosiy masalalardan biri. — To‘lan deyman, biz hali osmonda juribmiz, yerga tushganimiz jo‘q. Oilangding past-balandini men yaxshi bilmayman. Uydagilaring — o‘g‘il-qizlaring nima deydi? — Tuvri aytasan. Birgina kenja qizim shu haqda gap ochilsa, boshdan qarshilik ko‘rsatib keladi. Enamning to‘shagini yot ayolga bermaymiz, deydi. Otam ham qiziq, yoshi o‘tib qolg‘anig‘a qaramay uylangudek jo‘ni bor, deb xunob bo‘ladi. Otamding fe’l-atvoriga uncha-muncha xotin dosh berolmaydi, deydi. Akalari turtibam, surtibam ko‘rdi. Baribir ko‘nmadi. — Ha, o‘zi shunday bo‘ladi. Qiz xalqi enasining bosgan iziniyam begona xotinga ravo ko‘rmaydi. Eng muhimi — o‘g‘illaring bir yoqadan bosh chiqarsa, bas. — O‘g‘illarimdan minnatdorman. Enalarining jili o‘tishi bilanoq menga mo‘min-qobilgina bir ayol izlashga tushgan. Shu paytgacha chamaga tuvri keladigani topilmay kelar edi. — Joshligini hisobga olmag‘anda, Marjon senbop ayol. Gap endi uni, tuqqan-tug‘ishganlarini ko‘ndirishda qoldi. — Ko‘nadi. Buni ko‘nglim sezib turibdi. Endi bitta baobro‘y kishi bilan ostonasiga bosh urib borishing kerak, vassalom. — Xo‘p dedim-g‘u, jo‘ra. * * * Ko‘pda Xizr bor degan gap — gap. Marjon aftoda, abgor bo‘lib otasinikiga borgandan so‘ng sovchi degani yopirilib kela boshladi. Sovchi yuboruvchilarning deyarli hammasi kuygan qullardan — birining xotini o‘lgan, biri xotin qo‘ygan, birlari tirnoqqa zor, birlari esa boladan bezor. Biroq, sovchilarning bari bo‘ri emas, tulki bo‘lib qaytmoqda edi. Hammasiga rad javobi berilardi. Marjonning javobi shunday bo‘lardi: “Men kalish edimmi, to‘g‘ri kelgan kishi kiyib ketaveradigan! Qolaversa, erga tegib ham bo‘ldim, erdan chiqib ham bo‘ldim. Ersiz xotinni yer ko‘tarmas ekanmi? El yer ustida yursa, men shu kezgacha yer tagida yashab keldim…” Marjonning enasi Jizzax bilan Zomin obravida tilga tushgan chevarlardan edi. U gilam, zulqurs, olacha to‘qishning piri. Marjonning bo‘y yetgan qizga o‘xshab o‘zini toshoynaga solib-toshoynadan oladigan vaqtlari o‘tib ketgan. Endi enasining kasbini, chiqqan qiz chiydan tashqari deganday, ilgariroq o‘rganmaganiga o‘kinadi. Nachora, hech bo‘lmagandan ko‘ra kech bo‘lgani yaxshi. Boz ustiga, bekorchidan Xudo bezor deb qo‘yibdilar. Bekor o‘tiraversa, chechalari bilan kelinlari o‘rtasida ham izzat-hurmati to‘kilishi mumkin. Chillali bolaning joyi boshqa degan gap bexuda aytilmagan. Mehnat — o‘tdan issiq. U enasining kasbini o‘rganishga qasd qildi. Ishni jun savashdan, urchiq yigirishdan boshladi. Hafta-o‘n kun orasida junga ishlov berishni, kalava bo‘yashni, o‘rmak to‘kishni o‘rganib-o‘zlashtirib oldi. Zulbaroq to‘qishga o‘tishdan avval olacha to‘qishning havosini oldi. Mashaqqatlardan qochmadi. O‘rmakni qanday qurishni, dastgohlarni qanday tayyorlashni, ko‘targini kuziviga qanday birlashtirishni, seruviga ipni qanday o‘rashni, adarg‘ini qay yo‘sinda o‘rnatishni, qilichni qanday qoqishni, siltashni, qoziqlarni qanday urib, oyoqlarini qanday tiklashni, nihoyat, adarg‘ini qay tartibda tortib borishni — hamma-hammasini miridan-sirigacha mukammal egalladi. Junni qanday savab, undan patti vitni qanday ajratishni, jun bilan paxtani savash o‘rtasida farq borligini ham biladigan bo‘ldi. Erish bilan arqoqni qanday yigirishning mashqini oldi. Enasining ko‘z o‘ngida o‘rmakni o‘rnatishni, to‘qishni ko‘rsatib bir necha bora ko‘rik-sinovdan o‘tdi. So‘ng enasidan oq fotiha oldi. Irim uchun unga oqlik sovg‘a qildi. Shu tariqa chevar degan unvonli ham bo‘ldi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay u gilam-zulbaroqning turli-tuman xillarini — qozoqi, arabi, qashqari, eroni, afg‘onilarini maromiga yetkazib to‘qishga kirishdi. Bir oy deganda bitta gilamni qo‘ldan chiqaradigan bo‘ldi. Bitta gilam falon pul! Mehnatni, sarf-xarajatni hisobga olmaganda, bir zulbaroqdan kattagina ro‘zg‘orni bemalol bir oy tebratgulik non qoladi. Qolganda ham ona sutiday halol non! Marjonning ishini Xudo o‘ngladi. Eng muhimi — uydagilarga “ortiqchaligi” sezilmasdi. Behuda gap-so‘zlarga ham o‘rin qolmadi. Sovchilarning esa keti uzilmasdi. Ba’zan enasi uni yo‘lga solmoqchi bo‘lardi: — Enang aylansin, u kuni kelg‘an kishilar yomon jerdan emasdi. Otangding ham o‘shalarg‘a ra’yi borday, chog‘i. — Ena deyman, mening jurish-turishim sizlarg‘a malol kelyaptima? Nomus qilyapsizlarma? Yo sizlarga nasoq keltiryapmanma? — Voy o‘layin, unday dema! Qursog‘imga siqqan bola qavmimizga sig‘mas ekanma? Havlimizga sig‘mas ekanma? Lekin haliyam bir jigitding ro‘zg‘orini gullatadig‘an jo‘ning bor, jo‘yang bor, qizim. Biz sening baxtli-taxtli bo‘lishingdi o‘ylaymiz, enang o‘rgilgur! — Enajon, o‘zimdi sal-pal o‘nglab olay. Keyin bir gap bo‘lar… Ha, aytganday, akamlar nima deyishyapti? — Ular biz, chol-kampirdan o‘tib nimayam deyishsin? — Agar bu jurishim ularg‘a malol kelayotgan bo‘lsa, mayli, o‘tg‘a tashlasalaring ham, o‘choqqa otsalaring ham — roziman! — Unday dema, aylanay, unday dema. Nima, sen yomon nom chiqaribsanma?! Nojo‘ya qadam qo‘yibsanma? Faqat baxting ochilmadi-da, qizim. Marjon asta-sekin o‘zini o‘nglab oldi: yuzlariga qon yugurdi, ochilib-to‘lishdi. Qangli qishlog‘ining qirchillama yigitlari ham unga suqlanib qaraydigan bo‘ldi. To‘lanboy “akasi”ning esa o‘y-xayoli Jizzax tomonlarda edi. Nihoyat, sovchi bo‘lib boradigan baobro‘y odam ham topildi. Topgan odamlari Katta xirmon”da tug‘ilib, shu yerda o‘sib, tamomi “xonakilashib” ketgan Ahmad abziy edi. Kechki mol qaytar chog‘i sirdaryoliklar Marjonlarning uyini so‘rab-surishtirib, topib bordilar. Mezbonlar mehmonlarni siyi-sifati bilan kutib ham oldilar. Marjon kelgan mehmonlardan birini — Toshpo‘lat o‘tog‘ani tanib, bularning bekorga kelmaganini sezgan bo‘lsa-da, o‘zini bilmaslikka solib, yumushi bilan ovora bo‘ldi. Mehmonlarga dasturxon yozildi. Boshda gaplari ko‘pam qovushavermadi. Ahmad abziyni hamqishloqlari Ahmad Donish derdi. Usiz davraga jon kirmas, hangoma qizimas, gap-gashtaklar o‘t olmas edi. U davraning ta’bi-tabiatiga qarab darhol jilovni o‘z qo‘liga olardi. Mana, hozir ham gaplar qovushavermagach, Ahmad abziy latifa boshladi. Latifadan so‘ng o‘ng‘aysizlik barham topdi. Rosa kulishdi. Endi gaplari ham gaplariga qovusha tushdi. Sovchilikdan, qulchilikdan so‘z ochildi. Odam Ato bilan Momo Havvodan gurung ketdi… Axiyri bir to‘xtamga kelindi. Yana bir aylanib, oradan oy o‘tkazib kelingizlar, degan javob olindi. Yaxshi gap — yaxshi, xayrli ish — xayrli. Bu odamlarning yaxshi niyatda kelgani Marjonning tug‘ishganlari tomonidangina emas, tutinganlari, qo‘ni-qo‘shnilari o‘rtasida xam xushxabardek qabul qilindi. Xonadon egalari ning yuz-ko‘zlaridan, kutib-kuzatishlaridan ham rozilik alomati sezilib turardi. To‘lanboy ota sovchilarning “bo‘ri” bo‘lib qaytishini ko‘zlari to‘rt bulib kutmoqda edi. O‘g‘il-qizlarining, kelin-kuyovlarining, qolaversa, ayrim og‘zi botir uzangi-yo‘ldoshlarining oldida o‘sal bo‘lib qolishini o‘ylasa, dili-dunyosi xufton bo‘lib ketardi… Kun namozi shomga daxldor bo‘lar-bo‘lmas sovchilar “assalomu alaykum”ning kashtasini kelishtirib kirib keldilar. Dasturxon yozilar-yozilmas, botirning nayzasi tegsin-da sinsin deganday, ishning yengil ko‘chib, o‘ngidan kelganini ayta soldilar. Albatta, xushxabarni eshitgan To‘lanboy ota o‘zini qo‘yarga joy topolmas edi. * * * Dovrug‘i yetti iqlimga yetgan to‘y bo‘ldi. To‘lanboy ota xuddi qirchillama yigitdek chimildiqqa kirdi, xuddi o‘n sakkiz yashar qizdek hurkibgina turgan Marjonni dast ko‘tarib qirq qavatli ko‘rpa, ko‘rpa emas, taxtiravonga ohista qo‘ydi. Kayvoni yangalar qiy-chuv ko‘tarishib, chiroqni o‘chirib tashqariga chiqib ketishdi. To‘lanboy go‘yo yigirma yashar yigit edi, Marjon esa onasi o‘pmagan qiz edi. To‘lanboy Otabek, Marjon Kumushbibi: “Siz o‘shami?” deydi ko‘zlariga ishonmay. “Ha, men o‘sha”, deydi To‘lanboy… U Fuzuliydan g‘azal o‘qiydi; g‘azalxonlik bilan tonglar otib ketadi, kunlar botib ketadi… Tunlar kunlarga ulanadi, kunlar esa oylarga. Marjon oyday to‘lishadi va oy-kuni yaqinlashib, qo‘chqordek o‘g‘il ko‘radi. Yana To‘lanboy otaning uzangi-yo‘ldoshlari bu xonadonga to‘planadi. Toshpo‘lat o‘tog‘a sovchilik saruposi deb berilgan saman otini minib keladi, Ahmad Donish esa zarbof to‘nga burkanib keladi. Chaqaloqqa ism tanlash marosimi rasmona bahs-munozaraga aylanib ketadi. Biri “Etmishboy bo‘lsin” deb taklif qiladi, boshqasi “Tavsan bo‘lsin, To‘landan keyin Tavsan keladi”, deydi. Jo‘yali taklifni To‘lanboy otaning o‘zi aytadi: “Bozurgon To‘ra bo‘ladi”, deydi. Shunday qilib, farzandning ismi Bozurgon To‘ra bo‘ladi. Bozurgon To‘raning qadami qutlug‘ keladi: ota-onasining ishlari baroridan kelib, xonadon qut-barakaga to‘ladi. U to‘rt yoshga o‘tgan kezlarda To‘lanboy otaning dehqon-fermer xo‘jaligi misli ko‘rilmagan darajada mo‘l-ko‘l hosil ko‘taradi, daromadni hisoblab hisobdan adashadilar. Oxiri to‘ng‘ich o‘g‘ilning taklifi bo‘yicha To‘lanboy ota yan-yangi “Mersedes” xarid qiladi. Bozurgon To‘ra moshinaga “Du-dut” deb nom qo‘yib oladi. Kunda-kun ora “Du-dut”ga minaman, deb xarxasha boshlaydi, ota kenjatoyini orqa o‘rindiqqa o‘tqazsa ko‘nmaydi, u kishi albatta oldinda o‘tirishi kerak. “Ha, mayli, melisa uchrasa, o‘zingiz javob berasiz”, deydi ota. Zominu Jizzax tomonlarni sayr etib qaytadilar… Ota-bolani kuzatib kolgan Marjonning ko‘zlaridan shashqator yoshlar oqadi. “Biru borim, yaratganingga shukr, — deydi pichirlab. — Bebaho ne’matingni darig‘ tutmaganiigga shukr…” O‘tgan umri qo‘rqinchli tush kabi lop etib ko‘z o‘ngidan o‘tadi. O‘tadiyu yorug‘ kunlar bor dunyosini qoplab oladi. Yaratgan Egamga qayta-qayta shukronalar aytadi, shukrona aytib charchamaydi… * * * Mana, birodarlar, kamina qulingiz guvoh bo‘lgan voqea shunday. Bu to‘qima ham, cho‘qima ham emas, o‘sma-surmasi ham yo‘q… Aslida, hayotning o‘zi mo‘jiza. Mo‘jiza bag‘rida mittigina afsonaning ro‘yobga chiqishi mumkin emasmi? Yoki afsonaga gumoningiz bormi?..
|